Geoffrey Roberts — "Gitlerga g‘alaba qozongan odam Marshal Jukov" PDF
Hech qachon urushda yutqazmagan bir askar!
Marshal Georgiy Konstantinovich Jukov hayotida, Qizil maydonda G‘alaba paradining eng oldida xalqni salomlagan 1945 yil iyun kunining o‘rni alohida. Tspeki ismli dabdabali oq arab otida turgan Jukov, o‘ng tomonida Kreml, ro‘parasida esa Avliyo Vasiliy soborining piyoz gumbazlari ko‘rinadigan tarzda Spasskiy darvozasi orqali maydonga kirib kelgan edi. Sovet qurolli kuchlarining barcha bo‘linmalarini ifodalaydigan birliklar maydonda to‘plangan, uni kutib turishardi; u barcha batalyonlarning oldidan o‘tib, ularni salomladi.
Jukov Stalinning Bosh qo‘mondon o‘rinbosari edi va Rossiya bilan birga butun Yevropani ham natsist asoratidan qutqargan, Adolf Gitler Germaniyasiga qarshi erishilgan buyuk Sovet g‘alabasining bosh me’mori sifatida tanilgan edi.
1941 yil yozida nemis armiyalari Sovet Rossiyasini bosib olganida, Qizil Armiya tomonidan amalga oshirilgan ilk muvaffaqiyatli qarshi hujumni boshqarib, Vermaxtni orqaga chekinishga majbur qilgan va butun dunyoga Gitlerning urush mashinasi hech qachon yengilmas emasligini isbotlagan Jukov edi. O‘sha yil sentabr oyida Leningrad nemislar tomonidan qurshovga olinganda, Stalin shaharni ehtimoliy asoratdan qutqarish uchun Jukovni vazifaga tayinladi. Bir oy o‘tib esa uni Moskvaga qaytarib, Sovet poytaxti mudofaasi boshlig‘i qilib tayinladi. Jukov nemislarning Moskvaga yurishini to‘xtatibgina qolmay, 1941 yil dekabrda qarshi hujum boshlatib, Vermaxtni shahardan uzoqlashtirdi va Gitlerning Qizil Armiyani bosib, bitta Blitskrig operatsiyasi bilan Rossiyani egallash orzularini chilparchin qildi.
Olti oy o‘tib, Gitler bu safar Boku sovet neft manbalarini qo‘lga kiritish uchun janubga hujum boshlaganida, Jukov yana oldinga chiqdi va 1942 yil noyabrda Stalingraddagi dahosiy qarshi hujumi bilan 300 ming kishilik nemis armiyasini shaharda qamalda qoldirdi. Bu yorqin muvaffaqiyatini, 1943 yil iyulda Kurskda Germaniyaning qolgan so‘nggi panzer kuchini yo‘q qilgan jangdagi ajoyib g‘alabasi bilan mustahkamladi. 1944 yil iyun oyida Bagration operatsiyasini boshqardi. Ushbu operatsiya natijasida Qizil Armiya Varshavagacha yetib bordi. 1945 yil aprelida Jukov Berlinda so‘nggi Sovet hujumining boshida turardi. Nemis poytaxti uchun bo‘lgan bu shafqatsiz jang 80 ming Sovet askarining hayotiga zomin bo‘ldi, biroq aprel oxiriga kelib, Gitler o‘ldi va Sovet bayrog‘i xarobaga aylangan Reyxstag tepasida hilpirab turardi. Bundan tashqari, 1945 yil 9 mayda Germaniyaning so‘zsiz taslim bo‘lishini Sovet Ittifoqi nomidan rasmiy ravishda qabul qilgan ham Jukov bo‘lgan edi.
Sharhlar 0
Bir sharh yozish