Mustafa Uslu — "Bola, Oila va Maktab" PDF
Bola tarbiyalash ko‘plab jihatlari bilan ajoyib bir san’atdir. Ota-onalar esa ushbu san’atni ijro etuvchi bir san’atkordir. Ushbu ajoyib san’at va san’atkorlikning ongida bo‘lgan ota-onalar, farzandlarini tarbiyalash va kelajakka tayyorlash maqsadida to‘liq mas’uliyat tuyg‘usi bilan harakat qiladilar. Farzandlarini eng yaxshi tarzda tarbiyalash uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni egallash maqsadida avvalo o‘zlarini tarbiyalashga harakat qiladilar. Chunki bu ota-onalar, farzandining birinchi o‘qituvchisi ekanliklarini, shuningdek, yaxshi tarbiyalangan bola ishonchli kelajak ekanini juda yaxshi biladilar.
Mas’uliyat tuyg‘usi, oiladagi tinch muhit va ota-onaning namunali shaxsi; bolaning rivojlanishida, tarbiyasida va ta’limida juda muhim rol o‘ynaydi. Buning farqida bo‘lgan ota-onalar; uyda, maktabda va hayotda baxtli va muvaffaqiyatli bo‘lishlari uchun fidokorona tarzda bolalari bilan shug‘ullanadilar. Bu borada o‘zlarini rivojlantirish maqsadida hayotda orttirgan tajribalari, kuzatuvlari va tadqiqotlaridan eng samarali tarzda foydalanadilar. Qiziqqon ota-onalar uchun tayyorlagan "Baxtli va Muvaffaqiyatli Bola Tarbiyalash Uchun Ota-Ona Qo‘llanmasi" nomli ishning ikkinchi kitobida bolalarning oila muhitida egallaydigan bilim va ko‘nikmalari hamda ota-onalarning duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolari va ularning yechim yo‘llarini ko‘rsatishga harakat qildim. Shu bilan birga bolaning tarbiyasida muhim va hal qiluvchi davr bo‘lgan maktab hayotini ham “maktabgacha – boshlang‘ich – o‘rta va litsey” yoshlariga ko‘ra ko‘rib chiqdim.
Maktab yillari, boshlang‘ich maktabdan – hattoki maktabgacha davrdan – boshlab ongli, mazmunli va to‘laqonli o‘tgan bolalar, ota-onalaridan olgan ijobiy bilim va ko‘nikmalar bilan, qiziqish, bilim, ko‘nikma va salohiyatlari asosida muvaffaqiyatli bo‘ladilar. Ayniqsa, maktablardagi ta’lim-tarbiya jarayonida har bir ota-ona zarur-zarur emas, balki kerakli va ongli tarzda ishtirok etishi lozim. Maktab, oila, o‘quvchi hamkorligi; yechimi yo‘qdek tuyulgan ko‘plab muammolarni osonlik bilan hal qilish imkonini beradi. Ota-onaning ta’lim-tarbiya jarayonida farzandining psixologik tuzilishini bilishi, duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolar haqida oldindan xabardor bo‘lishi ota, ona va bola o‘rtasidagi muloqotni kuchaytiradi, shuningdek, maktabdan o‘tib hayotdagi muvaffaqiyat sari borayotgan yo‘lda o‘quvchiga katta yordam bo‘ladi.
"Baxtli va Muvaffaqiyatli Bola Tarbiyalash Uchun Ota-Ona Qo‘llanmasi" nomli ishning ikkinchi kitobi shu sababli katta ahamiyatga ega. Bolani tarbiyalashda mas’uliyat kimda bo‘lishi kerak? Tinch oila muhitining bola uchun ahamiyati nimada? Oilalar; maktabgacha, boshlang‘ich, o‘rta va litsey davridagi farzandlarining ta’lim-tarbiyasiga yordam berish uchun nimalarga e’tibor berishlari kerak? Ta’lim-tarbiya jarayonida bolalarning ijtimoiy, psixologik, hissiy holatlari qanday bo‘lishi kerak? Bu davrda bolalarning ota-onadan kutganlari nimalar?... kabi ko‘plab masalalarda ota-onalarning balki biladigan, ammo ahamiyat bermaydigan mavzularini “Bola, Oila va Maktab” sarlavhasi ostida va asosan o‘z tajribamga asoslanib ko‘rib chiqdim. Til va bayon jihatidan ta’lim darajasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar har bir ota-ona mavzularni oson tushunib, o‘zini tahlil qilib amalda qo‘llay oladi, deb hisoblayman. Shuningdek, bola tarbiyasi borasida quyidagi eslatmani ahamiyatiga ko‘ra yana bir bor ta’kidlamoqchiman: Yashab turgan jamiyatining e’tiqod va axloqiy qadriyatlaridan, an’ana va urf-odatlaridan xabardor, bilimli, prinsipial, qat’iyatli, izchil, har jihatdan farzandini taniy oladigan ota-onalar baxtli va muvaffaqiyatli bolalarni tarbiyalaydilar. Baxtli va muvaffaqiyatli bolalar esa sog‘lom jamiyat a’zolari sifatida moddiy va ma’naviy jihatdan kuchli millatning asosini tashkil etadilar. “Farzandlaringizni odob va muhabbatdan mahrum qilmanglar.” degan muborak so‘zning, bola tarbiyasi jarayonida ota-onalar uchun muhim bir nur, yo‘l xaritasi ekanini aslo unutmaslik kerak.
Vazifa va mas’uliyatini anglagan ota-onalarning uyda, maktabda va hayotda baxtli va muvaffaqiyatli bolalar tarbiyalashlarini tilab...
Mustafa USLU
2014 - Istanbul
Mustafa Uslu — "Bola, Oila va Maktab" PDF
Kitobni faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar yuklab olishadi.
Qo'llab-quvvat bering
Sharhlar 0
Bir sharh yozish