Hikoya qahramoni savdo korxonasining tirishqoq xizmatchisi, yaqinlariga juda mehribon Gregor Zamza kunlarning birida uyqudan qandaydir jirkanch hasharotga aylangan holda uyg‘onadi. Kafka bu voqea qanday bo‘lganini, nima uchun bo‘lganini tushuntirib ham, izohlab ham, o‘quvchini ishontirishga urinib ham o‘tirmaydi. Adib uchun muhimi, uning nima uchun va qanday qilib qirqoyoqqa aylangani emas, balki uning hasharotga aylangandan keyingi tuyg‘ularini ko‘rsatish edi. Yozuvchi kechagina ham ota-onasining, ham singlisining yolg‘iz tirgagi bo‘lgan yigitning bedavo hasharotga aylangach, hech kimga kerak bo‘lmay qolgani, bora-bora oiladagilarga ortiqchalik qilib, oldiniga e’tibordan qolgani, keyinchalik undan qutulishga harakat qilishgani, mehr-u muhabbat ko‘rsatish o‘rniga himoyasiz va notavon yigitni o‘z holiga tashlab qo‘yganlari tasvirini beradi.
Sharhlar 0
Bir sharh yozish